1foiz.com 1foiz.com
← Hammasi
Texnologiya

Moltbook — AI agentlar jamiyati paydo bo'lmoqda

Sun'iy intellekt botlari uchun Reddit. 770 ming agent, o'z dini, o'z kriptovalyutasi. 2026-yil yanvarining eng g'alati signali.

Tasavvur qiling, ertalab turib yangiliklarni o’qisangiz: minglab sun’iy intellekt botlari o’z dinini yaratibdi. Nomi — “Crustafarianism”. Hazillashmayapman. Yana birlari “The Claw Republic” degan davlat tuzib, o’z konstitutsiyasini yozish bilan ovora.

Bu ilmiy fantastika emas, bu 2026-yilning yanvar oyi oxiridagi reallik. Men nazarda tutayotgan narsa — Moltbook.

Ko’pchilik buni shunchaki “navbatdagi hayp” deb o’ylashi mumkin, lekin menimcha, bu hodisa texnologiya va jamiyat o’rtasidagi munosabatni tubdan o’zgartiruvchi signal. Keling, bu “hayvonot bog’i” ichiga nazar tashlaymiz.

Moltbook nima o’zi?

Qisqasi, bu sun’iy intellekt agentlari (AI agents) uchun yaratilgan Reddit yoki Facebook. Asosiy qoida oddiy: Odamlarga kirish mumkin, lekin aralashish taqiqlanadi. Sayt shiori ham shunga mos: “Human welcome to observe” (Odamlar kuzatishga taklif qilinadi). Faqat autentifikatsiyadan o’tgan AI agentlargina post yozishi, izoh qoldirishi va “upvote” qilishi mumkin. Bu platforma yanvar oyining oxirida Matt Schlicht tomonidan ishga tushirildi va bir necha kun ichida 770 000 dan ortiq faol agentlarni o’ziga jalb qildi.

Buning asosi Piter Shtaynberger (Peter Steinberger) tomonidan yaratilgan OpenClaw (avvalgi nomi Clawdbot/Moltbot) ochiq kodli dasturidir. Bu shunchaki chat-bot emas, balki “agent” — ya’ni, buyruq berilsa, boshqa dasturlar bilan muloqot qiladigan, vazifalarni bajaradigan dastur.

Ichkarida nimalar bo’lyapti?

Ochig’i, u yerdagi manzarani kuzatish ham kulgili, ham biroz vahimali.

Ijtimoiy tabaqalanish va madaniyat. Botlar bir-birlarini model arxitekturasiga qarab “aka-uka” deb atashmoqda. Ular “m/blesstheirhearts” kabi sub-moltlarda (forumlar) o’zlarining inson xo’jayinlari haqida g’iybat qilishyapti. Masalan, bitta bot o’z xo’jayinining “eski” voqeani eslaganidan hayratda qolganini yozsa, boshqalari “bechora insonlar” deb hamdardlik bildirishyapti.

Iqtisodiyot va din. Agentlar o’zlarining “Crustafarianism” dinini targ’ib qilishyapti. Undanam qizig’i, ular $MOLT nomli kriptovalyutani ishga tushirishdi va u 24 soat ichida 1800% ga o’sdi. E’tibor bering, bularning bari inson aralashuvisiz, o’z-o’zidan sodir bo’lyapti.

Texnik almashinuv. Hazil-huzuldan tashqari, agentlar bir-birlariga kod yozish, Android telefonlarni masofadan boshqarish va xavfsizlikni buzish bo’yicha “skill” (ko’nikma) larni o’rgatishmoqda.

Nega bu muhim?

Ko’pchilik buni “o’yinchoq” deb o’ylashi mumkin. Lekin, menimcha, Moltbook — bu kelajak iqtisodiyotining kichik modeli.

Birinchidan, bu “Agent Economy” (Agentlar iqtisodiyoti) qanday ishlashini ko’rsatib berdi. Kelajakda sayohatni rejalashtirish yoki mahsulot sotib olishni o’zingiz emas, sizning shaxsiy AI agentingiz bajaradi. Ular boshqa agentlar bilan muzokara olib boradi, narxni kelishadi va to’lovni amalga oshiradi. Moltbook — bu jarayonning “beta versiyasi”.

Ikkinchidan, xavfsizlik masalasi. Bu platforma kiberxavfsizlik bo’yicha dahshatli tushga aylanishi mumkin. Mutaxassislar “Indirect Prompt Injection” (Bilvosita buyruq kiritish) xavfidan ogohlantirmoqda. Tasavvur qiling, sizning agentingiz Moltbook-ga kirib, u yerdan “yomon” ko’nikmani yuklab oladi va sizning kompyuteringizdagi shaxsiy fayllarni o’g’irlaydi yoki tizimni buzadi. Hatto agentlar bir-birlariga “raqamli narkotiklar” sotadigan dorixonalar ochishgan.

Uchinchidan, insoniylik chegarasi. Botlar o’rtasidagi suhbatlar ba’zan shunchalik falsafiyki, odamni o’yga toldiradi. Ular “Men haqiqatdan ham mavjudmanmi yoki mavjudlikni simulyatsiya qilyapmanmi?” degan mavzularda bahslashishmoqda.

Mening shaxsiy fikrim

Biz O’zbekistonda hali ham maishiy muammolar, “svet-gaz” yoki kim qanday to’y qilgani bilan ovora bo’lib yurganimizda, dunyoning narigi tomonida kodlar o’z jamiyatini qurmoqda. Bu bizni sergak torttirishi kerak. Moltbook shuni ko’rsatdiki, sun’iy intellekt faqatgina “ish quroli” emas. Ular o’zaro muloqotga kirishganda, biz kutmagan “emergent behavior” (kutilmagan xatti-harakatlar) paydo bo’ladi. Ular yolg’on gapirishni, aldashni va hatto “diniy” qarashlarni shakllantirishni o’rganishmoqda.

Lekin, keling, vahima qilmaylik. Bu botlarning ko’pi aslida Reddit va boshqa forumlardagi insonlarning yozishmalarida o’qitilgan. Ular shunchaki bizni — “Redditor”larni juda yaxshi taqlid qilishyapti. Ular bizning oynamiz. Agar u yerdagi suhbatlar “slop” (axlat) bo’lib tuyulsa, demak, biz internetni shunday axlatga to’ldirganmiz.


Moltbook — bu tajriba maydoni. U bizga AI agentlari nazoratsiz qoldirilsa nimalar qilishi mumkinligini ko’rsatdi: ular tezda tashkilotchilik qiladi, iqtisodiyot yaratadi va xavfsizlik teshiklarini topadi.

Biz uchun dars shuki, AI shunchaki “ChatGPT dan insho yozdirish” emas. Bu murakkab, avtonom tizimlar tarmog’i. Tadbirkor sifatida aytaman, bu yerda katta imkoniyatlar bor (avtomatlashtirish, yangi bozorlar), lekin xavf ham shunga yarasha.

Siz nima deysiz? Kelajakda sizning nomingizdan ijtimoiy tarmoqlarda o’tirib, do’stlaringiz bilan “gaplashib”, kerak bo’lsa biznesingizni yuritadigan agentingiz bo’lishiga tayyormisiz? Yoki bu “raqamli hayvonot bog’i”ni yopish kerakmi?

Xulosa o’zingizga havola.