1foiz.com 1foiz.com
← Hammasi
Tahlil

Napoleon Hill: shunaqa gaplar

"O'yla va boy bo'l" muallifi haqidagi haqiqat — qamoqxona, kult va besh nikoh. Self-help industriyasining yolg'on poydevori.

Hozir hikoya qilmoqchi bo’lganim, muallifning qarashidan, sohasidan qat’iy nazar, ko’pchilik self-help motivatorlar keltiradigan hikoya. Voqea 1908-yilda boshlanadi. Tog’li qishloqdagi bir xonali kulbada o’sgan, kambag’al, lekin o’ta shuhratparast yosh jurnalist Napoleon, Manxettendagi 64 xonali saroyda o’sha davrning eng boy odami — po’lat magnati Endryu Karnegi bilan yuzma-yuz o’tiribdi. Karnegining unga taklifi misli ko’rilmagan edi: 20 yil davomida Amerikaning eng muvaffaqiyatli 500 ta odamini (Genri Ford, Tomas Edison, Ruzvelt kabilarni) intervyu qilib, ularning boylik sirlarini kashf etish. Evaziga maosh ham, avans ham yo’q, faqat shu sirni dunyo bilan bo’lishish sharti. Jurnalist rozi bo’ladi. Bu hikoyani eshitgansiz, to’g’rimi? Milyonlab nusxada sotilgan “O’yla va boy bo’l” (Think and Grow Rich) kitobining afsonaviy tug’ilish tarixi shu.

E’tibor bering, xuddi shu 1908-yilda yana bir voqea sodir bo’layotgan edi. Alabama o’rmonlarida Oliver ismli bir firibgar o’zini hibsga olmoqchi bo’lgan politsiyadan qochib yurardi. U yog’och yetkazib beruvchilarni o’n minglab dollarga chuv tushirgan, xotini esa uni oilaviy zo’ravonlikda, bor pulini fohishalarga sarflashda va o’z qizini to ko’karib ketguncha bo’g’ishda ayblab, ajrashishga ariza bergandi. Oliver — butunlay singan, chorasiz qolgan odam. U o’z hayotida uchinchi marta ismini va yashash joyini o’zgartirib, hamma narsani boshqatdan boshlashga tayyorgarlik ko’rayotgan edi.

Tarixning istehzosi shundaki — ushbu ikki qahramon, shon-shuhrat izlayotgan olijanob jurnalist va qochqin firibgar, aslida bitta odam edi. Oliver Napoleon Xillning aynan o’zi bo’lgan.

Karnegi bilan uchrashuv — afsonami yo haqiqat?

Shaxsan o’zim chiroyli “upakovka” qilingan dostonlarga doim shubha bilan qarayman. Napoleon Xillning g’oyalari butun boshli zamonaviy self-help industriyasini, vizualizatsiya va “secret manifestation” (koinotga yuborilgan o’ylar haqiqatga aylanadi) degan madaniyatni boshlab berdi. U o’zini hatto AQSh prezidentlari Vudro Vilson va Franklin D. Ruzveltga maslahatchi bo’lganini, “biz qo’rqishimiz kerak bo’lgan yagona narsa bu qo’rquvning o’zidir” degan mashhur iborani aynan o’zi o’ylab topganini iddao qilar edi.

Ammo faktlar boshqa narsani ko’rsatadi. Endryu Karnegining rasmiy biografi Devid Nassau yillar davomida Karnegining kundaliklari, maktublari va arxivlarini qidirib, Napoleon Xill haqida birorta ham eslatma topa olmagan. Karnegidek hamma narsani maydalab hujjatlashtiradigan odam 20 yillik loyihani kimgadir topshirsa-yu, bu haqda hech qayerda qayd etilmasa? Buni qarangki, Xill o’zining “Karnegi bilan uchrashuvi” haqidagi afsonani faqatgina 1919-yilda, Karnegi vafot etganidan keyingina gapirishni boshlagan. Intervyu olganini iddao qilgan bironta ham millioner bilan tushgan rasmi yo’q.

Real faoliyat — firibgarlik va kult

Ochig’i, uning real faoliyati faqat firibgarlikdan iborat bo’lgan. 1910-20 yillarda u odamlardan katta pul olib, o’sha pulga “qanday qilib pulli maktablar ochish kerak”ligini o’rgatadigan maktablar ochardi (bugungi kun business coachlarining bobokaloni desa bo’ladi). Illinoys shtati uni qimmatli qog’ozlar firibgarligi uchun sudga tortgan, u hatto qamoqdan chiqayotgan mahbuslarga yordam berish nomida xayriya fondi ochib, odamlarning pullarini o’zlashtirgan. Besh marta uylanib, xotinlari va bolalarini tashlab ketgan.

Buning ustiga qandaydir ezoterik kultga ham aralashgan. 1930-yillarning oxirida Xill “Royal Fraternity of Master Metaphysicians” deb nomlangan diniy guruhga faol a’zo bo’ladi. Bu kultdagilar fikrlar yordamida voqelikni o’zgartirishga, hatto chaqaloqni faqat ijobiy o’ylar bilan o’rab, uni “o’lmas” (immortal) qilib o’stirishga ishonishgan. Kult rahbari Jeyms Shefer 1942-yilda firibgarlik bilan qamalganida, hamma aybni aynan Napoleon Xillga to’nkagan.

Kitob aslida kim tomonidan yozilgan?

Xo’sh, u holda “O’yla va boy bo’l” qanday qilib yozilgan va shunchalik zo’r ishlangan? Gap shundaki, kitobni Xillning o’zi tartibga solmagan. U 20-30-yillarda o’nlab kitoblar yozishga uringan, lekin ular tushunarsiz va chigalligi sababli sotilmagan. 1936-yilda u Rosa Li Bilend ismli aqlli ayolga uylanmoqchi bo’ladi. Rosa Li ajoyib yozuvchi edi va u Xillning yuzlab sahifali isqirt qo’lyozmalarini tartibga solib, o’quvchi hazm qila oladigan matnga aylantiradi. Ayol anoyi emasdi — u Xilldan kitobning mualliflik huquqini o’ziga o’tkazib berishni talab qiladi. (Xill bu paytda sobiq xotinlaridan biri tomonidan sudga berilgani uchun pulini yashirish niyatida bunga rozi bo’lgan). Uch yildan so’ng Rosa Li ajrashib, kitobdan keladigan millionlab gonorarlarni o’zi bilan olib ketgan.

Kitobni chuqurroq o’qisangiz, ichidagi g’oyalarning ko’pi qip-qizil safsata ekanligini ko’rasiz. Masalan, 11-bobda jinsiy energiyani transmutatsiya qilish, ya’ni erkaklar o’z nafsini tiyib, uni biznesga yo’naltirsa zo’r natija berishi haqida yoziladi. Buning “ilmiy isboti” sifatida kastratsiya qilingan buqalar sigirdek yuvosh bo’lib qolishi keltiriladi. Yoki miya xuddi radio kabi efir orqali to’lqinlar yuborishi, 6-tuyg’u va qandaydir “cheksiz aql” orqali ilhom olish kabi tushunchalar tiqishtirilgan. Mening shaxsiy fikrim… uzr, ochiq aytsam, minglab odamlarning xayriya pullarini o’g’irlash g’oyasini Xill Xudodan yoki cheksiz aqldan olmagani aniq.

Lekin nega kitob hali ham ishlaydi?

Lekin shunga qaramay, kitob haligacha millionlab odamlarga yoqadi va “yordam beradi”. Buni psixologiyada platsebo effekti deb atashadi. Nimanidir ishlashiga qattiq ishonsangiz, bu sizning xatti-harakatlaringizni, miyangizdagi kimyoviy jarayonlarni o’zgartiradi va ma’lum ma’noda ijobiy natijaga olib kelishi mumkin. 19-asr oxirida faylasuf Uilyam Jeyms taklif qilgan “pragmatizm” oqimi aytganidek, ba’zida odamlar g’oyaning mutlaq “haqiqat” ekaniga emas, uning “foydali” (useful) ekaniga asoslanib ish ko’rishadi. Xillning kitobidagi “maqsad qo’yish” yoki “taslim bo’lmaslik” kabi g’oyalar haqiqatan ham foydali va bugungi fan buni tasdiqlagan. Lekin buni o’tkazish uchun u yolg’on kredibiliti yaratdi. O’zini dunyoning eng boy odamlari, prezidentlar maslahatchisi qilib ko’rsatish “foydali” emas, bu shunchaki qip-qizil telbalik va atrofidagilarga nisbatan ziyon.

Napoleon Xillning “san’ati” uning yolg’on ustiga qurilgan obro’sidan ajralmasdir. Bizning bugungi jamiyatda ham har xil digital marketing yoki treyderlikka o’qitadigan motivatorlarni ko’ryapmiz. Ularning hammasi ushbu firibgar bobolarining vizualizatsiya va “boylardek fikrlash” degan yondashuvini ishlatishadi. Yolg’on ustiga qurilgan motivatsiya kimgadir yordam berishi, kimningdir kayfiyatini ko’tarishi mumkindir, lekin mohiyatan uning ildizi firibgarlik bo’lib qolaveradi.

Xulosa o’zingizga havola.