Korporativ Texnologiya

SaaS O'ldimi? AI Agentlar Davri Boshlanmoqda

Microsoft rahbari “SaaS is dead” dedi. IDC tahlilchilari buning metamorfoza ekanini isbotlamoqda. O'zbekiston uchun bu noyob imkoniyat.

Xurshid Maroziqov Tadbirkor, Yozuvchi · 23 Fevral, 2026
7 daqiqa o'qish

IDC websaytida bir maqola o'qiyotgan edim... Kechasi bilan uydagi ofisimda ishlab o'tirib, ekranimga qarasam, kamida yettita turli xil oyna ochiq turibdi. Bittasi telegram, ikkinchisi ma'lumotlarimni boshqaradigan dastur, uchinchisi AUTOMATED-C oynasi, to'rtinchisi xodimlarni nazorat qiladigan platforma. Hammasi zo'r, hammasi zamonaviy, lekin ular bir-biri bilan umuman gaplashmaydi. Shu asabiy va charchagan holatimda, Microsoft rahbari Satya Nadellaning 2024 yil dekabrida aytgan bir bayonotiga ko'zim tushdi. U shunchaki, hech qanday istiholasiz “SaaS is dead” deb aytibdi.

Bir o'ylab ko'ring-a, qanaqasiga o'ladi? Axir hozir butun dunyo bizneslari, shu jumladan o'zimizning O'zbekistondagi progressiv kompaniyalar ham aynan shu tizimlarga o'tib, endigina qulayligini seza boshladi-ku. Raqamlarga qarasak, 2026 yilda korporativ dasturiy ta'minot bozorida SaaS mutlaq dominant bo'lib turibdi. Hozirgi kunda barcha global IT xarajatlarining o'n foizidan ortig'i aynan shu sohaga to'g'ri keladi. Biz hammamiz oylik to'lovlar qilib, ishimizni raqamlashtirdik deb xursand bo'lib yuribmiz.

Lekin maqolani chuqurroq o'qib, o'zimning real biznes tajribam bilan solishtirib ko'rsam, Nadella haq gapni aytgan ekan. Asosiy muammo shundaki, biz, ya'ni oddiy foydalanuvchilar har kuni o'nlab disconnected interfeyslar bilan ishlashga majburmiz. IDC buni o'z maqolasida juda to'g'ri va aniq ta'riflagan. Ular bugungi korporativ dasturlarni interfeyslar yamog'i va ma'lumotlar qabristoni deb atashyapti. Endi shu maqola fonida Claude Coworkning moliyaviy plag-inlaridan keyin SaaS bozoridagi katta yo'qotishlarni ko'rib, yana bir karra amin bo'ldim.

“Biz dasturni o'zimizga moslashtirish o'rniga, odamlarimizni dasturga moslashishga majbur qilyapmiz.”

Aslida texnologiya inson uchun ishlashi kerak emasmidi? Bizning holatda esa, xodimlarimiz kun bo'yi dasturlarning injiqliklariga chidab, bitta dashboarddan ma'lumotni olib, ikkinchi dashboardga qo'lda kiritish bilan band. Biz dasturni o'zimizga moslashtirish o'rniga, odamlarimizni dasturga moslashishga majbur qilyapmiz. Qisqasi, hozirgi UI-centric yondashuv o'zini oqlamay qo'ydi. Xodimlar ishlash o'rniga, qaysi tugma qayerdaligini qidirish bilan vaqt yo'qotyapti.

Yechim: AI Agentlar

Xo'sh, yechim qayerda? Yechim endi millionta rang-barang tugmachalari bor interfeyslarda emas, balki AI agentlarida. Tasavvur qilib ko'ring, endi siz yoki xodimingiz kompyuterda o'nlab dashboardni titkilab o'tirmaysiz. Foydalanuvchi shunchaki AI agentga tabiiy tilda oddiy buyruq beradi. Masalan, “O'tgan oydagi marketing xarajatlari hisobotini tasdiqla va sotuv bo'yicha kelasi chorak uchun prognoz yarat” deysiz. Bo'ldi.

Shu bitta ovozli yoki matnli buyruq bilan mo'jiza yuz beradi. AI agent mustaqil ravishda backend orqali hamma tizimlarni integratsiya qiladi. U o'zi borib CRMdan ma'lumotni oladi, buxgalteriya tizimidan xarajatlarni tortadi va tayyor natijani sizga taqdim etadi. Sizga qanaqadir chiroyli va murakkab UI kerak emas. Sizga faqat natija kerak.

E'tibor bering, bu shunchaki trend emas, bu butun boshli IT arxitekturasining o'zgarishi. IDC tahlilchilarining fikriga ko'ra, tech stack endi odatiy UI-centric SaaSdan modular backend servicelarga qarab o'tadi. Kelajakda API va data connectivity eng muhim infratuzilma bo'lib qoladi.

Dasturlar orqa fonda bir-biri bilan uzviy bog'lanadi, AI agentlar esa bu jarayonni to'liq orchestrate qiladi.

Hamyonga Ta'siri

Bu o'zgarish nafaqat texnologiyaga, balki hamyonimizga ham to'g'ridan-to'g'ri ta'sir qiladi. Hozir dunyoda ham, bizda ham bir qoida ishlaydi: dasturdan necha kishi foydalansa, shuncha pul to'laysiz. Bu subscription va per-user pricing deb ataladi. O'zbekistonda ko'plab tadbirkorlar aynan shu narsadan aziyat chekadi. Kompaniyangiz o'sgan sari, dasturlarga to'laydigan pulingiz ham geometrik progressiyada o'sib boradi.

70% dasturiy ta'minot sotuvchilarining 2028 yilga kelib consumption yoki outcome-based pricingga o'tishi prognoz qilinmoqda. Per-user-per-month licensing eskiradi. Manba: IDC, Bo Lykkegaard, 2025

Ochig'i, bu bizning tadbirkorlarga suv va havodek zarur bo'lgan narsa. Siz endi dasturdan nechta xodimingiz foydalanganiga qarab emas, qanday real natija olganingizga, qancha tranzaksiya amalga oshganiga qarab pul to'laysiz. Qancha ish bitdi? Shunga qarab hisob-kitob qilinadi. O'zbek xalqi va biznesmenlari azaldan natijaga qarab haq to'lashni ma'qul ko'radi. Quruq havodagi obuna uchun pul to'lash bizning yondashuvga to'g'ri kelmaydi.

O'zbekiston uchun Noyob Imkoniyat

Endi bu global o'zgarishlar O'zbekiston va butun Markaziy Osiyo bozori uchun nima degani? Mening fikrimcha, bu biz uchun juda noyob imkoniyat. Biz hali G'arb davlatlari kabi eski tizimlarga butunlay qaram bo'lib qolganimiz yo'q. Bizda ko'plab o'rta va yirik bizneslar endigina raqamlashtirish bosqichida turibdi. Biz to'g'ridan-to'g'ri eskirayotgan qimmat SaaS modelini aylanib o'tib, birdaniga AI agentlar davriga qadam qo'yishimiz mumkin.

“Agar mahalliy IT kompaniyalar zudlik bilan arxitekturani o'zgartirib, API va sun'iy intellekt integratsiyasiga o'tmasa, yaqin yillarda bozor ularni shunchaki yutib yuboradi.”

Lekin bu mahalliy IT kompaniyalarimiz uchun juda qattiq signal. Hozir Toshkentdagi yoki vodiydagi ko'plab dasturlash studiyalari nima qilyapti? Ular hamon eski modelda, o'nlab menyulari bor, murakkab UI qismlaridan iborat lokal SaaS mahsulotlarini yaratish bilan band. Agar ular zudlik bilan arxitekturani o'zgartirib, API va sun'iy intellekt integratsiyasiga o'tmasa, yaqin yillarda bozor ularni shunchaki yutib yuboradi.

Keling, buni o'zimizning qishloq xo'jaligi yoki ishlab chiqarish misolida ko'raylik. O'zbekistondagi yirik bir klaster yoki fermer xo'jaligini tasavvur qiling. Ularga ob-havoni kuzatish, suv taqsimoti, texnikalar harakati va ombor hisobi uchun to'rtta alohida dastur va to'rtta alohida mutaxassis kerak emas. Ularga bitta aqlli tizim kerak. Fermer “Ertaga qaysi dalani sug'orish eng optimal variant?” deb so'raganda, unga javob beradigan va barcha sensorlardan olingan data asosida qaror qabul qiladigan tizim kerak. Bu yerda inson ko'zini charchatadigan dashboardlarning umuman keragi yo'q.

O'tish Davri va 2030 Manzarasi

Albatta, bu o'tish davri oson kechmaydi. IDC tahliliga ko'ra, qisqa muddatda bu narsa an'anaviy SaaS va IT servicelarga salbiy ta'sir ko'rsatishi tayin. Tizimlar o'zgarishi kerak, kompaniyalar o'z biznes modellarini qayta ko'rib chiqishi shart. O'rta muddatda esa korxonalar o'z infratuzilmasiga juda katta sarmoya kiritishiga to'g'ri keladi. Avvaliga bu katta boost beradi, keyin esa inference costlar tushishi bilan bozorda turli headwindlar kuzatiladi.

2030 yilga borib esa bozor manzarasi butunlay boshqacha ko'rinish oladi. AI agentlar endi qandaydir qutiga solingan dastur emas, balki alohida enterprise SKU sifatida marketplacelardan ochiq sotila boshlaydi. Siz xuddi bozordan o'zingizga kerakli usta yollagandek, virtual bozordan kompaniyangiz uchun ixtisoslashgan AI agentni sotib olasiz yoki ijaraga olasiz. Biri faqat soliq hisobotlari bilan ishlaydi, boshqasi faqat mijozlar e'tirozini hal qiladi.

Shaxsan o'zim kelajakda korxonalar qanday ishlashini tahmin qilyapman. Korxonalar per-user licensingni kamaytirish natijasida qandaydir taktik pul tejash imkoniyatini yo'qotishi mumkin. Chunki AI agentlar arzon turmaydi. Lekin buning evaziga tadbirkorlar innovatsiya va biznes jarayonlarini optimizatsiya qilish ustidan to'liq strategik nazoratni qo'lga kiritadi. Sizning ma'lumotlaringiz turli xil dasturlarning ichida qulflanib qolmaydi. Data va live connectionlar shunchaki jarayonni harakatga keltiruvchi enabler komponentlarga aylanadi.

Vendorlar bilan munosabatlarimiz ham tubdan o'zgarish arafasida. Kechagi kundagi UI-centric engagement o'rnini endi ‘agentic enablement partnerships’ egallaydi. IT kompaniyalar sizga shunchaki chiroyli tugmachalari bor sayt sotmaydi, ular sizning biznesingizga sun'iy intellekt orqali real quvvat beruvchi strategik hamkorga aylanadi.

IDC o'z maqolasida korxonalar uchun juda aniq va amaliy tavsiya bergan. Ular hozirdan boshlab aniq ROI metrikalari bilan proof-of-concept yaratishni maslahat berishmoqda. Ya'ni, ko'r-ko'rona yangi texnologiyaga pul tikish emas, balki kichik bir bo'limda sinab ko'rish kerak. Eng muhimi, faqatgina individual task avtomatizatsiyasiga e'tibor qaratmasdan, butun boshli end-to-end process efficiencyni baholash zarur. Bitta xodimning ishini tezlashtirish emas, butun kompaniyaning ishlash tezligini oshirish haqida o'ylash vaqti keldi.

Xulosa qilib aytganda, Satya Nadella o'z gapida biroz mubolag'a qilgan bo'lishi mumkin. Aslida SaaS to'liq o'lmayapti, u shunchaki katta metamorfozaga uchrayapti. U sekin-asta AI-driven va outcome-based enterprise softwarega aylanib bormoqda. Biz shunchaki interfeyslar davridan, aqlli agentlar davriga o'tyapmiz. Shunaqa gaplar. Yashasak ko'raverarmiz, lekin tayyorgarlikni bugundan boshlash kerak.

Siz-chi? Biznesingizdagi o'nlab keraksiz va bir-birini tushunmaydigan dasturlarga haliyam har oylab quruq obuna to'lab yuraverasizmi yoki natijaga asoslangan kelajak texnologiyalariga bugundan sarmoya kiritishni boshlaysizmi? Xulosa o'zingizga havola.

Xurshid Maroziqov
Ulashing

Manba

Bo Lykkegaard, “Is SaaS Dead? Rethinking the Future of Software in the Age of AI” — IDC Resource Center, Dekabr 2025. Asl maqolani o'qish →