Biz bilgan ta’lim o’lmoqda. Nima uchun diplom kerak bo’lmaydi va Ustoz-shogird tizimining qaytishi haqida.

Kelajak ta’limi: Sinfxonadan ustoz-shogird tizimiga o‘tish

Bir asrdan oshiq vaqt davomida ta’lim bir model asosida ishladi: bitta o‘qituvchi, bitta sinfxona, bitta darslik. Bu sanoat davrining mahsuli bo‘lgan model bugun o‘zining samarasizligini ko‘rsatmoqda. Ommaviy ta’lim — ya’ni hammaga bir xil dastur, bir xil uslub — o‘z davrini o‘tab bo‘ldi. Endi yangi yo‘nalish shakllanmoqda: moslashtirilgan ta’lim, mentorlik asosidagi o‘rganish, sun’iy intellekt yordamida individual rivojlanish.

Dunyodagi hozirgi ta’lim tizimi har bir bola bir xil uslubda, bir xil tezlikda o‘rganadi degan taxminga tayangan. Aslida esa bu haqiqatdan yiroq. Bolalar bir-biridan farqli: qiziqishlari, IQ darajasi, o‘rganish uslubi, hissiyoti turlicha. Lekin bularga moslashish deyarli imkonsiz bo’lgan. Chunki o’qituvchilar soni chegaralangan, metodlar va siyosat, shu kabi narsalar bunga yo’l; bermagan. «Barchani savodxon qilamiz!» shiori ostida ommaviy o‘qitish modeli inson potentsialini ochish uchun emas, balki tizim uchun qulaylik yaratish uchun ishlab chiqilgan edi deb ishonilgan avvaldan.

Ustozlik qaytmoqda — ammo yangi shaklda

Kelajakda ta’lim “dars beruvchi o‘qituvchi” modeli bilan emas, balki yo‘l ko‘rsatuvchi ustozlar va moslashtirilgan AI yordamchilari bilan amalga oshiriladi. AI (sun’iy intellekt) shogirdga kun-u tun yordam beradi: savollariga javob beradi, tushunmagan joylarini aniqlab beradi, kuchli va zaif tomonlarini tahlil qiladi. Ustoz esa insoniy yo‘nalishda ko‘maklashadi — motivatsiya, axloqiy qarorlar, real hayotdagi maslahatlar. Bu yangi tizimda o‘qituvchi — nazorat qiluvchi emas, balki yo‘l boshlovchi bo‘ladi.

Sinfxonalar markaz emas, qo‘shimcha joyga aylanadi

Bugungi devor va oynalardan qurilgan maktablar yo‘qolmaydi, lekin ularning vazifasi o‘zgaradi. Maktablar emotsional rivojlanish, jamoaviy ishlash, sport va ijtimoiy ko‘nikmalar uchun maydonga aylanadi. Asosiy o‘quv jarayoni esa — tashqarida: uyda, onlayn platformalarda, mentorlar bilan muloqotda bo‘ladi. Yoshga qarab sinflarga ajratish ham eskiradi. 12 yoshli bola oliy darajadagi matematikani o‘rganayotgan bo‘ladi, lekin adabiyot va tarix bo‘yicha hali o‘rta bosqichda bo‘lishi mumkin. Bu esa — real, inson tabiatiga mos yondashuv.

Diplomlar qadrsizlanadi

Ish beruvchilar endi savolni boshqacha qo‘yadi: “Qayerda o‘qigansan?” o‘rniga “Nimani yecha olasan?” degan savolni beradi. Diplom o‘rniga — portfolio bo‘ladi. Bu — real loyihalar, hal qilingan muammolar, mentor baholari va ochiq isbotli ko‘nikmalar to‘plami. Kelajakda yuqori sifatli ustozlar, kuchli AI yordamchilar va ochiq reyting tizimlari diplomdan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga ega bo‘ladi.

Kim yutadi?

Kirib kelgan yangi davrda yangi tizimga birinchi moslashganlar oldinda bo’ladi. Ustozlikni jiddiy qabul qilganlar, ta’limni personallashtirganlar front oldida bo’lishadi. Bu hozir sodir bo’lmoqda. Bu sohada chuqurroq bilim olishni istaganlar uchun Khan Academy asoschisi yozgan «Jasorat so’zlari: Qanday qilib AI Ta’limda revolyutsiya qiladi va nega bu yaxshi» [Brave New Words: How AI Will Revolutionize Education (and Why That’s a Good Thing) kitobini o’qishni yoki Jon Taylor Gattoning «Ommaviy Instruksiya Qurollari» kitobini o’qishni tavsiya qilaman. Tanlov bugun qilinadi. Natija — ertaga ayon bo‘ladi.

Xurshid Maroziqov
28.07.2025
Qo’qon sh.


https://p57.uz