ai slop

Yuvindi. O’layotgan Internet.

AI-Slop degan termin kirib keldi. Slop so’zini «yuvindi» deb tarjima qildim bu kontekstda. Bu sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontentlarga umumiy berilgan nom. Qimmat buvi, arzon kelin, nima bo’lsa ham.

Xop, AI-yuvindilar biz uchun tahdidmi? Umuman olganda eng yomon ssenariy sodir bo’ladigan bo’lsa, bu internetni ishonchli manba’alar bazasi sifatida qulashiga olib keladi. Taqdim qilinayotgan ma’lumotlarga ishonch juda past darajada bo’ladi.

Buni oddiyroq qilib tushuntiraman. Siz bir narsa haqida kontent tayyorlamoqchisiz. ChatGPTga (yoki boshqa modelga) mavzuni aytdingiz va u manbalari bilan sizga mavzuni chuqur tahlil qilib o’rganib berdi. Muammo – manbalarning 20% qismi bugungi kunda to’qima bo’lishi ehtimoli yuqori. Yo’q narsani sizga ishonarli tarzda taqdim qildi. Bu eng samarali modellarda. Endi siz bu kontentni youtube ga joyladingiz. Ko’rishlar soni oshdi. Endi, Abdullajon ham shu mavzuda izlanish qiladigan bo’lsa, sun’iy intellekt modeli sizning videoingizni ham manba sifatida o’rganadi. Va sikl davom etadi.

Iqtisodiyot yuvindiga to’la kontentlarni rag’batlantirmoqda chunki AI kontenti deyarli bepul, sifatli inson qo’li bilan qilingan ish esa qimmat. Internet trafigining yarmi botlar, LinkedIn va Amazon AI yuvindiga cho’kib bo’ldi, ingliz tilidagi YouTube kanallari haftada bir necha marta AI skriptli videolar chiqarmoqda.

Haqiqiy xavf, agar shunday davom etsak — biz haqiqatni yolg’ondan ajrata olmaydigan bo’lib qolamiz. Har tarafdan ishonchli ko’rinadigan yuvindi oqib keladi va biz asta-sekin cho’kib boramiz. Umumiy haqiqat degan tushuncha yo’qolib ketadi. Jamiyat bir-birini tushunmaydigan bo’laklarga parchalanadi.

Hozirgi tizimlarimiz — ta’lim, ommaviy axborot vositalari, ilmiy institutlar — bular yolg’on aytish qimmat bo’lgan davrda qurilgan. Yolg’on tarqatish uchun mehnat kerak edi, vaqt kerak edi, xarajat kerak edi. AI keldi va bu qiymatni nolga tushirdi. Endi yolg’on tarqatish deyarli bepul. Bizning himoya mexanizmlarimiz bunga umuman tayyor emas.

Eng qo’rqinchli tomoni — biz ongli ravishda hech narsani tushunmaydigan mashinalarga o’z axborot muhitimizni topshirib berib kelmoqdamiz. Ular nima yozayotganini bilmaydi, haqiqat nima ekanini tushunmaydi, mas’uliyat his qilmaydi. Va bizda buni to’xtatishning hech qanday usuli yo’q. Samarali mexanizmlar yaratilmagan. Internet ishonchli axborot manbai bo’lishdan to’xtashi mumkin. Butunlay.

Xurshid Maroziqov
birfoizbilim © 2025