JSTga (Jahon Savdo Tashkiloti) kirish haqida gap ketganda, televizorda faqat «investitsiya», «eksport» va shu kabilar haqida eshitasiz. Lekin haqiqat biroz boshqacha.
Biz o’zimizni o’zimiz aldab yashadik: «Bizda hammasi o’zimizniki bo’lsin». Natijada qimmat mashina, raqobatsiz bozor va sun’iy monopoliyalar paydo bo’ldi. Hozir hukumat 2026-yilgacha JSTga kirishni rejalashtiryapti. Xo’sh, bu oddiy odamga, biznesga va bozorga qanday ta’sir qiladi?
1. Makroiqtisodiy Shok: Cho’ntakdagi o’zgarishlar

Ko’pchilik «JSTga kirsak, hamma narsa arzonlaydi» deb o’ylaydi. Bu — eng katta yanglishish.
Sanoat tovarlari arzonlaydi. Haqiqatan ham, import bojlarining pasayishi chet el texnikasi, kiyimi va boshqa sanoat mahsulotlarini arzonlashtirishi kerak. Hozirgi 30-50% lik «devorlar» qulasa, raqobat paydo bo’ladi.
Oziq-ovqat qimmatlashi mumkin. Bu paradoks emas. Fermer o’z mahsulotini erkin eksport qila olsa (masalan, gilos yoki pomidorni Xitoyga $2 dan sotsa), u ichki bozorda sizga $0.5 dan sotmaydi. Ichki narxlar jahon narxlariga tenglashadi («Export parity»). Qozog’iston tajribasi shuni ko’rsatdi: oziq-ovqat inflyatsiyasi oshadi.
Energiya narxi oshadi. JST qoidalari bo’yicha sanoat uchun gaz va elektrga davlat subsidiyalari berilishi taqiqlanadi (yoki cheklanadi). Bu degani — zavodlar real narxda energiya sotib oladi, bu esa mahsulot tannarxini oshiradi.
Xulosa: Televizoringiz arzonlashadi, lekin noningiz va gazingiz qimmatlashishi ehtimoli yuqori.
2. Avtomobil Sanoati: Monopoliya o’ladimi yoki shakli o’zgaradimi?

Bizning eng og’riqli nuqtamiz — «UzAuto Motors».
Eski o’yin tugaydi: JSTga kirgach, import bojlarini (hozirgi dahshatli stavkalarni) pasaytirishga majbur bo’lamiz. Bu 5-7 yillik o’tish davrida sodir bo’ladi. Natijada, Cobalt yoki Gentra narxi tushishga majbur bo’ladi, chunki bozorda real raqobatchilar paydo bo’ladi.
Yangi o’yin boshlandi: Hukumat buni biladi va hozirdan «tayyorgarlik» ko’ryapti. BYD bilan hamkorlik — bu shunchaki yangi zavod emas. E’tibor bering: xususiy tadbirkorlarga BYD avtomobillarini olib kirish cheklandi. Sabab qilib «iqlimga moslashuv» va «kafiliat» ko’rsatildi. Bu nima degani? Bu — bojxona to’sig’i emas, balki «texnik to’siq» (Non-tariff barrier). JST bojni pasaytiradi, lekin biznikilar «standart» bahonasida importni bo’g’ishning yangi yo’llarini o’ylab topishyapti.
3. Maishiy Texnika (Artel keysi) va «Rasmiy Diler» haqida
2024-yil fevralidan boshlab, muzlatgich, konditsioner kabi texnikalarni faqat «ishlab chiqaruvchining rasmiy dileri» olib kirishi mumkin degan qoida kiritildi.
Natija: 2024-yilning birinchi yarmida konditsioner importi 50% ga, muzlatgichlar 35% ga kamaydi. Tahlil: Bu qoida iste’molchini himoya qilish uchun emas, balki «kulrang» importchilarni bozordan chiqarib tashlash va mahalliy yirik o’yinchilarni (masalan, Artel) himoya qilish uchun o’ylab topilgan. JSTga kirgandan keyin bu qoida katta muammoga aylanadi. Chunki JSTning XI moddasi miqdoriy cheklovlarni taqiqlaydi. O’zbekiston bu «hiyla»ni xalqaro maydonda himoya qila olmaydi.
4. Qishloq Xo’jaligi: Non narxi va Xavfsizlik

Biz bug’doy importiga qarammiz (99% Qozog’istondan keladi).
Non narxi erkinlashadi. Hozirgi kunda non narxi ijtimoiy himoya qilinadi. JST qoidalari narxni sun’iy ushlab turishni cheklaydi. Agar Qozog’istonda qurg’oqchilik bo’lsa yoki ular eksportni yopsa, bizda narx darhol oshadi.
Fermerlar yutadi. Paxta va g’alla bo’yicha davlat buyurtmasi bekor qilinishi — bu JST talabi. Fermer o’z malini jahon bozoriga sota olsa, qishloqda daromad oshadi. Lekin bu ichki iste’molchi uchun qimmatchilik degani.
5. Kichik Biznes va «Abu Saxiy»chilar

Qirg’iziston JSTga kirganda «Dordoy» bozori gullab-yashnagan edi, chunki ular mintaqaviy «xab»ga aylandi. Bizda vaziyat boshqacha bo’ladi.
Muammo: JST «shaffoflik»ni talab qiladi. Bizdagi minglab «kargo»chilar, bozordagi «nelegal» savdo tizimi og’ir ahvolda qoladi. Hujjatlashtirilgan, sertifikatlangan va barcha soliqlari to’langan import tovari — bozordagi «kontrabanda» yoki «kulrang» tovardan qimmatroq bo’ladi. Kichik savdogarlar yirik supermarket tarmoqlari va rasmiy riteylerlar bilan raqobatlashishi qiyinlashadi.
6. Xizmatlar: Banklar va Internet
Banklar: Chet el banklari kirib kelishi osonlashadi. Bizning mahalliy banklar yuqori foizlar va yomon servis bilan raqobatga dosh berolmaydi. Bu mijoz uchun yaxshi (arzon kredit), lekin bank xodimlari uchun xavf (qisqartirishlar).
Internet: «O’zbektelekom»ning tashqi internet kanaliga bo’lgan monopoliyasi tugatilishi rejalashtirilmoqda. Bu internet tezligi va narxiga ijobiy ta’sir qiladi. Lekin «ma’lumotlarni mahalliylashtirish» (serverlar O’zbekistonda bo’lishi kerak) talabi xalqaro IT kompaniyalar uchun to’siq bo’lib qolmoqda.
Xulosa: Nima qilish kerak?

O’zbekiston JSTga kirishga majbur. Boshqa yo’l yo’q. Yopiq iqtisodiyot o’zini oqlamadi — biz faqat bir hovuch monopolistlarni boyitdik.
Lekin kuting:
Mo’jiza bo’lmaydi. Ertaga maoshingiz oshib, mashina narxi 2 barobar tushib ketmaydi.
Og’riqli bo’ladi. Ko’plab samarasiz zavodlar yopiladi, ish o’rinlari qisqaradi.
Moslashish kerak. Faqat raqobatbardosh, «tanka»siz ishlay oladigan bizneslar tirik qoladi.

